- Bosh (sahifa)
- nashirlar
- Ekskluziv
- Internet terror qurolimi? Yohud nega aynan yoshlar…
Internet terror qurolimi? Yohud nega aynan yoshlar…
Inson ongini, qalbini zabt etish va unga hukmronlik qilish yo‘lidagi kurash ayniqsa bizning asrimizda avjga chiqdi. O‘z niyatini amalga oshirish maqsadida minglab insonlarni yostig‘ini quritishga tayyor g‘alamislar ham ming afsuski, uchrab turibdi. Har doimkidek niqob, o‘sha-o‘sha DIN! Bugunga kelib dinga bo‘lgan qiziqishning ortishi globallashuv jarayonlarining bir in’ikosi deyish mumkin.
Afsuski, kommunikatsiya va informatsion texnologiyalarning tez sur’atlardagi taraqqiyoti g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish, o‘z ortidan ergashtirish, maqsadlarini amalga oshirishdagi imkoniyatlarining kengayishiga turtki bo‘lib, geosiyosiy maqsadlarga bo‘ysindirilgan, kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalarining ko‘payib borayotgani bu borada din omilidan foydalanishga urinishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Aksariyat holatlarda ushbu kurash qurolli tus olib, ko‘plab xalqlarning boshiga fojiali kunlarni solmoqda.
Yaqin Sharq mamlakatlarida…
Iroq, Suriya, Liviyada turli noqonuniy qurolli tuzilmalar tomonidan islomiy davlat qurish shiori ostida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilyapti. Natijada esa tarixan ildizi baquvvat, yirik iqtisodiy salohiyatga ega ushbu davlatlar qattiq tanazzulni boshidan o‘tkazayapti. Birgina 2016-yilning o‘zida terrorizm oqibatida Iroqda 9,765, Afg‘anistonda 4,574, Suriyada 2,102 kishi hayotni tark etdi. Turli aqidaparast guruhlar safini kengaytirish maqsadida yoshlarni jalb qilib, ularni manqurtga ta’bir joiz bo‘lsa zombiga aylantirib, turli hiyla-nayranglarni amalga oshirib kelmoqda.
“Eng qulay”vosita…
Bugungi axborot-texnologiyalari asrida Internet maqsadlarni amalga oshirishdagi “eng qulay”vositaga aylandi. Ayniqsa ijtimoiy tarmoqlardagi chatlar orqali turli yozishmalar olib borish natijasida “qarmoqqa” ilinib qolganlar ham talaygina. Mutaxassislarning fikricha hozirda 100 mingdan ortiq ekstrimizmning turli ko‘rinishlarini o‘zida tashuvchi g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi saytlar faoliyat olib bormoqda. Internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga kufr diyori, hijrat, jihod, shahidlik, xalifalikni tiklash kabi g‘oyalar singdirlib, ular turli to‘qnashuv va nizo o‘choqlariga jalb qilinmoqda. Ular tirik zombilarga aylantirilib o‘z yurti, o‘z yaqinlariga qurol o‘qtaladigan vosita sifatida foydalanib kelinmoqda.
Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadi-ki, birgina Hindistonning o‘zida o‘ndan ortiq terrorchi guruhlar “faoliyat” olib borib, ularning har birida mingdan ortiq yoshlar bor.
Xo‘sh nega aynan yoshlar?
Psixologlarni aytishicha o‘rta yoshli insonlarga qaraganda yoshlarda ishonuvchanlik hissi va fanatizm ko‘proq uchraydi. Internet foydalanuvchilarning asosiy qismi ham yoshlar.
O‘zbekistonda bugungi kunda jami aholining 63 foizi global tarmoq foydalanuvchisiga aylangan. Dunyo miqyosida ham onlayn hayotda yoshlarning faolligi ko‘proq kuzatiladi. Ekstirimist guruhlar esa bundan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishga urinishi natijasida safini ular hisobidan kengaytirib bormoqda. 2016-yilda chop etilgan “Arab yoshlari tadqiqotlari” nomli kitobda yoshlarning ekstrimist oqimlarga ergashib ketishining bir qancha sabablari keltiriladi. Ayniqsa dunyo miqyosida yoshlarda surunkali ish qobiliyatining yo‘qligi, va imkoniyatlarning yetarlicha emasligi asosiy sabab qilib ko‘rsatiladi.
Kamola HATAMOVA